1.1. O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 19 yanvardagi “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi O‘RQ-900-son qonunining mazmun-mohiyati
O‘zbekiston Respublikasining “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonun qonunchilik palatasi tomonidan 2023 yil 31 yanvarda qabul qilinib, Senat tomonidan 2023 yil 27 oktabrda martda ma’qullangan.
Ushbu qonunning maqsadi yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Qonunning asosiy vazifalari fuqarolar hayoti va sog‘lig‘i muhofaza etilishini, ularning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari, yuridik va jismoniy shaxslarning mulki, shuningdek atrof muhit himoya qilinishini ta’minlashdan iboratdir. Yo‘l harakati sohasidagi asosiy prinsiplar quyidagilardan iborat: qonuniylik, tizimlilik, ilmiylik, ochiqlik va oshkoralik, fuqarolar hayoti va sog‘lig‘i muhofaza qilinishining ustuvorligi, ekologik xavfsizlikning va atrof-muhit muhofaza qilinishining ustuvorligi, mahalliy aholi va yo‘l harakati ishtirokchilari fikrining inobatga olinishi, yo‘l harakati sohasidagi davlat boshqaruvi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari va yo‘l harakati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va uning tasarrufidagi tashkilotlar, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamentining Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari jamoat xavfsizligi xizmatining yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalari, shuningdek tuman (shahar) ichki ishlar bo‘limlari (ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari) jamoat xavfsizligi xizmatining yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalari (bundan buyon matnda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati deb yuritiladi), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi yo‘l harakati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlari jumlasiga kiradi.
Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga doir talablar. Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash yo‘l-transport hodisalari ro‘y berishi sabablarining oldini olishga va ularning oqibatlarini yumshatishga qaratilgan faoliyatdir.
Transport vositalari egalarining yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga doir majburiyatlari, transport vositasiga mulk huquqi, xo‘jalik yuritish huquqi yoki operativ boshqarish huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asosda egalik qiluvchi shaxs transport vositasining egasidir. Transport vositasini o‘z xizmat yoki mehnat majburiyatlarini bajarish uchun, shu jumladan transport vositasining mulkdori yoxud boshqa egasi bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga yoki fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnomaga asosan boshqaruvchi shaxs transport vositasining egasi bo‘lmaydi.
Transport vositalarining egalari – texnik jihatdan soz transport vositalaridan foydalanishi, transport vositalarining tegishli malakaga ega bo‘lgan va tibbiy ko‘rikdan o‘tgan shaxslar tomonidan boshqarilishiga ijozat berishi, transport vositalaridan foydalanish chog‘ida boshqa shaxslarning hayotiga, sog‘lig‘iga va (yoki) mulkiga zarar yetkazganlik uchun o‘z fuqarolik javobgarligini “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga [6] muvofiq majburiy sug‘urta qilishni amalga oshirishi, transport vositalarining alkogolda mast holatda yoki psixoaktiv moddalar ta’siri ostida yoxud o‘ta charchoq holatda bo‘lgan shaxslar tomonidan boshqarilishiga yo‘l qo‘ymasligi, yo‘l harakati to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etishi shart.
Transport vositalari, ular konstruksiyalarining tarkibiy qismlari, ehtiyot qismlar va anjomlar transport vositasining texnik parametrlariga hamda yo‘l harakati sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq bo‘lishi kerak hamda qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda majburiy ravishda sertifikatlashtirilishi lozim.
Transport vositalarining texnik holati va uskunalari yo‘l harakati sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq bo‘lishi kerak. O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanishda bo‘lgan va belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan transport vositalari majburiy ravishda texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi, Transport vositalarini majburiy ravishda texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish va ularni ta’mirlash yo‘l harakati sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq bo‘lishi kerak, transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish va ularni ta’mirlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar mazkur xizmatlarni yo‘l harakati sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq ko‘rsatishi shart.
Yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi texnik nosozliklar mavjud bo‘lganda transport vositalaridan foydalanish taqiqlanadi, transport vositalarining texnik nosozliklari ro‘yxati va bunday nosozliklar mavjud bo‘lganda ulardan foydalanishni taqiqlaydigan shartlar Yo‘l harakati qoidalarida belgilanadi [8], transport vositalaridan foydalanishni taqiqlash qonunchilikda belgilangan tartibda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining vakolatli mansabdor shaxslari tomonidan amalga oshiriladi.
Transport vositalaridan foydalanishga bog‘liq faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarga doir asosiy talablar:
haydovchilarning ishini yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlovchi talablarga muvofiq tashkil etishi;
haydovchilarning qonunchilikda belgilangan mehnat qilish va dam olish rejimiga rioya etishi;
haydovchilarning malakasini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishi;
transport vositalarining sozligini va but saqlanishini ta’minlashi, yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi texnik nosozliklar mavjud bo‘lganda transport vositalaridan foydalanishga yo‘l qo‘ymasligi;
o‘ziga tegishli transport vositalari ishtirokida sodir etilgan yo‘l-transport hodisalarining va Yo‘l harakati qoidalari buzilishlarining sabablarini tahlil qilishi hamda ularni bartaraf etish choralarini ko‘rishi;
tibbiyot xodimlarini jalb etgan holda haydovchilarning tibbiy ko‘riklarini, haydovchilarning yo‘l-transport hodisalarida jabrlanganlarga hodisa yuz bergan joyning o‘zida, tibbiyot xodimlari yetib kelgunga qadar birlamchi shoshilinch yordam ko‘rsatish bo‘yicha ko‘nikmalarini takomillashtirishga doir tadbirlarni tashkil etishi va o‘tkazishi;
xodim o‘z mehnat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq bo‘lgan holda mehnatda mayib bo‘lganligi, kasb kasalligiga chalinganligi yoki sog‘lig‘ining boshqacha tarzda shikastlanganligi munosabati bilan uning hayotiga yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash bo‘yicha o‘z fuqarolik javobgarligini «Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda sug‘urtalashi shart.
Transport vositalaridan foydalanishga bog‘liq faoliyat bilan shug‘ullanuvi yuridik shaxslar zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
Avtomobil transportida yoki yer usti shahar elektr transportida yo‘lovchilar, bagaj va yuk tashish faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik shaxslar tashishning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida haydovchilarga nisbatan yo‘l harakati to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq qo‘shimcha talablar qo‘yishi mumkin.
Yuridik shaxslar transport vositalarining soniga qarab yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha xizmatlarni tashkil etadi yoki lavozimlar joriy etadi. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlarining sonini aniqlash normativlari qonunchilikda belgilanadi.
Yuridik shaxslar tomonidan o‘tkaziladigan yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga doir tadbirlarni moliyalashtirish ularning o‘z mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Transport vositalaridan foydalanishga bog‘liq faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarning xodimlarini yo‘l harakati xavfsizligi masalalari bo‘yicha o‘qitish, ularning malakasini oshirish, ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish va ularning bilimlarini tekshirish, transport vositalaridan foydalanishga bog‘liq faoliyat bilan shug‘ullanuvi yuridik shaxslarning xodimlarini yo‘l harakati xavfsizligi masalalari bo‘yicha o‘qitish, ularning malakasini oshirish, ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish va ularning bilimlarini tekshirish yuridik shaxs tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida yuridik shaxs yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha dastlabki, reysdan oldingi, maxsus, mavsumiy va qo‘shimcha (navbatdan tashqari) yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatilishini ta’minlashi shart.
Transport vositalaridan foydalanishga bog‘liq faoliyat bilan shug‘ullanuvi yuridik shaxslarning yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan tasdiqlangan maxsus dasturlar bo‘yicha uch yilda kamida bir marta o‘z malakasini oshirib, malaka imtihoni topshirishi kerak.
Mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlayotgan haydovchilar quyidagi huquqlarga ega:
ish beruvchidan harakatlanish yo‘nalishi, tashiladigan yuk haqida, o‘z hayoti va sog‘lig‘i uchun mavjud bo‘lgan tahdid to‘g‘risida, shuningdek tashishni amalga oshirish chog‘ida zararli va (yoki) xavfli omillar ta’siridan o‘zining himoya qilinishiga doir chora-tadbirlar haqida ishonchli axborot olish;
belgilangan talablarga muvofiq shaxsiy himoya vositalari, maxsus kiyim-bosh bilan ta’minlanish;
yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha shart-sharoitlarni yaxshilash bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni ko‘rib chiqishda ishtirok etish;
o‘z hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soladigan vaziyat yuzaga kelgan taqdirda, tashishni bajarishni bevosita rahbarini yoki ish beruvchining boshqa vakilini bu haqda xabardor qilgan holda rad etish;
yo‘l harakati xavfsizligi sohasida malakasini oshirish va kasbiy qayta tayyorgarlikdan o‘tish;
mehnat vazifalarini bajarish chog‘ida o‘z sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi;
ish beruvchining yo‘l harakati sohasidagi g‘ayrihuquqiy qarorlari va harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish.
Mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlayotgan haydovchilar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Yo‘l harakati ishtirokchilarining yo‘llarda harakatlanishning xavfsiz shart-sharoitlariga bo‘lgan huquqlari davlat tomonidan kafolatlanadi.
Yo‘l harakati ishtirokchilarining o‘z huquqlarini amalga oshirishi yo‘l harakati boshqa ishtirokchilarining huquqlarini cheklamasligi yoki buzmasligi kerak.
Yo‘l harakati ishtirokchilari quyidagi huquqlarga ega:
– Yo‘l harakati qoidalariga muvofiq yo‘llarda erkin va moneliksiz harakatlanish;
– qonunchilikda nazarda tutilgan o‘z huquqlarining cheklanishi yoki buzilishi sabablari to‘g‘risida maxsus vakolatli davlat organlarining mansabdor shaxslaridan tushuntirishlar olish;
– harakatlanishning xavfsiz sharoitlari to‘g‘risida, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lgan texnik vositalar va xizmatlarning sifati haqida to‘liq hamda ishonchli axborot olish;
– yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lganda qonunchilikka muvofiq zimmasiga bepul tibbiy yordam ko‘rsatish, qutqaruv ishlarini olib borish va boshqa shoshilinch yordam ko‘rsatish majburiyati yuklatilgan tashkilotlar hamda mansabdor shaxslardan shunday yordamlar olish;
– yo‘l-transport hodisasi natijasida o‘ziga tan jarohatlari yetkazilgan, transport vositasi va yuk shikastlangan hollarda, qonunchilikda belgilangan tartibda zararning o‘rni qoplanishi, shuningdek ma’naviy zarar kompensatsiya qilinishi;
– maxsus vakolatli davlat organlarining va mahalliy davlat hokimiyati organlarining yo‘l harakati sohasidagi qonunga xilof qarorlari, shuningdek ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish;
– yo‘l belgilarini, chiziqlarini, svetoforlarni o‘zgartirish va o‘rnatish yuzasidan, yo‘l qoplamasining holati haqidagi takliflar hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash masalalariga doir boshqa takliflar bilan tegishli organlarga murojaat etish.
Yo‘l harakati ishtirokchilari:
yo‘l harakati to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
– yo‘l harakati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari mansabdor shaxslarining qonuniy talablarini bajarishi shart.
Yo‘l harakati ishtirokchilari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi va ularning zimmasida o‘zga majburiyatlar bo‘lishi mumkin.
Transport vositalarini boshqarish huquqi:
mototsikllar, motorollerlarni va boshqa mototransport vositalarini boshqarish huquqi – o‘n olti yoshga to‘lgan shaxslarga beriladi;
ruxsat etilgan eng ko‘p og‘irligi 3500 kilogrammdan va o‘rindiqlar soni haydovchining o‘rindig‘idan tashqari sakkiztadan oshmaydigan avtomobillarni boshqarish huquqi, bundan taksi mustasno – o‘n sakkiz yoshga to‘lgan shaxslarga beriladi;
ruxsat etilgan eng ko‘p og‘irligi 3500 kilogrammdan oshadigan yuk avtomobillarini boshqarish huquqi – o‘n sakkiz yoshga to‘lgan shaxslarga beriladi;
taksi sifatida foydalaniladigan avtomobillarni, shuningdek yo‘lovchilar tashish uchun mo‘ljallangan va haydovchining o‘rindig‘idan tashqari sakkiztadan ortiq o‘rindig‘i bo‘lgan avtomobillarni, tramvaylar va trolleybuslarni boshqarish huquqi – yigirma bir yoshga to‘lgan shaxslarga beriladi;
transport vositalari tarkiblarini boshqarish huquqi – ushbu qismning uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan transport vositalarini boshqarish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga transport vositasini boshqarish staji o‘n ikki oydan kam bo‘lmagan taqdirda beriladi.
Transport vositalarini boshqarish huquqi tibbiy tekshiruvdan o‘tgan va malaka imtihonlarini topshirgan shaxslarga beriladigan belgilangan namunadagi guvohnoma bilan tasdiqlanadi.
Malaka imtihonlarini topshirish va transport vositalarini boshqarish huquqiga doir guvohnomani berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida belgilangan talablarga muvofiq bo‘lgan milliy va xalqaro haydovchilik guvohnomalari amal qiladi.
Haydovchilarni tayyorlashga doir talablar
Transport vositalarini boshqarish huquqini olish uchun malaka imtihonlarini topshirishga tegishli toifadagi haydovchilar tayyorlashning o‘quv rejalari va dasturlarida nazarda tutilgan hajmda tegishli tayyorgarlikdan o‘tgan shaxslar qo‘yiladi.
Tegishli toifalardagi haydovchilarni tayyorlashning yagona dasturlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
Transport vositalarini boshqarish huquqining bekor qilinishi
haydovchining sog‘lig‘i transport vositasini xavfsiz boshqarishga monelik qiladigan tarzda yomonlashganligi tibbiy xulosa bilan tasdiqlanganda;
haydovchi sodir etilgan huquqbuzarlik uchun transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilganda.
Javobgarlik chorasi sifatida transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etishga sabab bo‘ladigan huquqbuzarliklarning turlari qonunda belgilanadi. Transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etish sud tomonidan qo‘llaniladi.
4. Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасининг 2018 йил 31 майдаги “Шаҳар электр транспорт воситалари ҳайдовчиларини тайёрлаш ва қайта тайёрлаш ҳамда автомототранспорт воситаларини бошқариш ҳуқуқини берувчи ҳайдовчилик гувоҳномасини олиш учун назарий ва амалий имтиҳонларни ўтказиш бўйича нодавлат таълим хизматлари кўрсатиш фаолиятини лицензиялаш тартибини янада такомиллаштириш чора-тадбирлари тўғрисида”ги 408-сон қарори.
9. Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасининг 2022 йил
20 июлдаги “Автомототранспорт воситалари ҳайдовчиларини тайёрлаш, қайта тайёрлаш ва малакасини ошириш ҳамда уларни имтиҳондан ўтказиш тизимини тубдан такомиллаштириш чора-тадбирлари тўғрисида”ги 393-сон қарори.
13. И. Б. Иброҳимов. Д.Д. Шарипова. Автомактаб ўқитувчи ва ҳайдовчи-йўриқчиларининг касбий компетенцияларини комплекс ёндашув асосида ривожлантириш муаммоси ижтимоий педагогик зарурият сифатида. Qo’qon davlat pedagogika instituti Pedagogik tadqiqotlar: dolzarb muammo va еchimlar. International Scientific and Practical Conference. May 15, 2024. – 204-213 б.