06.08.2025
21:40

2.1. Avtomaktab o‘qituvchi va haydovchi-yo‘riqchilarining kasbiy kompetentligini rivojlantirish mazmuni

Respublikamizda so‘nggi yillarda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va yo‘l-transport hodisalarning oldini olish tizimini takomillashtirish sohasida keng qamrovli tashkiliy-amaliy ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, insonlarning halok bo‘lishiga olib keluvchi yo‘l-transport hodisalarining soni hali ham yuqori bo‘lib, avtomobil yo‘llarida transport vositalarining harakatlanishi davomida xavfsizlikni ta’minlash tizimini tubdan isloh qilish zarurligini ko‘rishimiz mumkin. Shu maqsadda davlatimiz rahbari Sh.M. Mirziyoyev tomonidan sohaga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish va samaradorlikka erishish uchun ko‘pgina ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 4-apreldagi “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-190-son qaroriga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-iyuldagi “Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish hamda ularni imtihondan o‘tkazish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi 393-son qarori tasdiqlandi. Ushbu qarorga ko‘ra, avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv tashkilotlarining faoliyati quyidagicha tashkil etiladi:
• Avtomototransport vositalarining tuzilishi va ularga texnik xizmat ko‘rsatish, yo‘l harakati qoidalari, avtotransport vositalarini xavfsiz boshqarish va harakat xavfsizligi asoslari fanlaridan dars beruvchi o‘qituvchilar sifatida faqat avtotransport sohasida oliy ma’lumotga ega shaxslar qabul qilinadi.
• Mashg‘ulotlar shaklidan qat’i nazar, umumiy o‘quv yuklamasi haftasiga 20 soatgacha, auditoriyada o‘tkaziladigan nazariy va amaliy mashg‘ulotlarning kundalik hajmi esa 4 soatgacha rejalashtiriladi.
• Avtomototransport vositalarini boshqarishni o‘rgatish uchun ajratilgan amaliy mashg‘ulotlarning kundalik hajmi har bir instruktor uchun 8 soatdan oshmasligi belgilangan.
“Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq, ta’lim tashkilotlarida o‘qituvchi va haydovchi-yo‘riqchilarining malakasini oshirish har uch yilda bir marta amalga oshiriladi. O‘quv jarayonida quyidagi ishtirokchilar qatnashadi:
Talabgor: Qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kurslariga o‘qishga kirish istagini bildirgan o‘qituvchi va haydovchi-yo‘riqchilar yoki ularni o‘qitishni xohlovchi avtomaktablar.
Tinglovchi: Qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kurslariga qabul qilingan o‘qituvchi va haydovchi-yo‘riqchilar.
Qayta tayyorlash: Tayanch mutaxassisliklar va kasblarga muvofiq bo‘lgan, pedagogik va haydovchi-yo‘riqchilik faoliyatini amalga oshirish uchun qo‘shimcha kasbiy bilim, malaka va ko‘nikmalarni egallashga qaratilgan ta’lim turi.
Malaka oshirish: O‘qituvchi va haydovchi-yo‘riqchilarning kasbiy bilim, malaka va ko‘nikmalarini chuqurlashtirish va yangilash, ularning toifasi, darajasi, razryadi va lavozimini oshirishga xizmat qiluvchi ta’lim turi [23].
Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish jarayonida tinglovchilar belgilangan maqsad va vazifalar asosida faoliyat yuritadilar. Kursning maqsadi avtotransport vositalarini boshqarishni o‘rgatuvchi o‘qituvchi va haydovchi-yo‘riqchilarining malakasini oshirish, qayta tayyorlash va davlat ta’lim talablariga mos holda ularning kasbiy bilim, ko‘nikma va malakalarini zamonaviy yondashuvlar va innovatsiyalar asosida uzluksiz rivojlantirishdan iborat.
Qayta tayyorlash kurslarida quyidagi bilimlar taqdim etiladi:
• Haydovchilarni tayyorlash sohasidagi islohotlarni tahlil qilish;
• Yo‘l harakati sohasidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlarning mazmun-mohiyatini yoritish;
• O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralarning yo‘l harakati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarini amaliyotda qo‘llash;
• Haydovchilarning huquqiy javobgarligi bo‘yicha ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks moddalari bilan tanishtirish;
• Yo‘l-transport hodisalarida birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha ko‘nikmalarni shakllantirish;
• Kasbiy pedagogika va psixologiya asoslari, kasbiy ta’limning metodik asoslari, yo‘l harakati qoidalari, avtotransport vositalarini xavfsiz boshqarish, harakat xavfsizligi asoslari va haydovchi madaniyati bo‘yicha bilimlarni mustahkamlash;
• Avtotransport vositasini amaliy boshqarish bo‘yicha ko‘nikmalarni shakllantirish.
Kurs yakunida o‘qituvchi va haydovchi-yo‘riqchilar quyidagi bilim, ko‘nikma va malakalarga ega bo‘lishlari talab etiladi:
• Yo‘l harakati sohasidagi qonunlarga kiritilgan o‘zgartirishlarning mazmunini tushunish va qo‘llash;
• Normativ-huquqiy hujjatlarni amaliyotda qo‘llash;
• Ma’muriy javobgarlik kodeksi moddalarini bilish;
• Kasbiy pedagogika va psixologiya, kasbiy ta’limning metodik asoslarini o‘zlashtirish;
• Yo‘l-transport hodisalarida birinchi yordam ko‘rsatish;
• Yo‘l harakati qoidalarini, avtotransport vositalarini xavfsiz boshqarish va harakat xavfsizligi asoslarini bilish;
• Haydovchi madaniyatini shakllantirish;
• Avtotransport vositasini amaliy boshqarish va haydovchilarni tayyorlashda mashqlar kesimida o‘rgatish usullarini qo‘llash;
• Haydovchilarni tayyorlash sohasidagi islohotlarni tahlil qilish.
Qayta tayyorlash kursi 72 soatni tashkil etadi, o‘quv yuklamasi haftasiga 36 soat etib belgilangan. O‘quv dasturlarini to‘liq o‘zlashtirgan va yakuniy nazoratdan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘qituvchi va haydovchi-yo‘riqchilarga sertifikat beriladi.
Haydovchilarning huquqiy javobgarligi bo‘yicha quyidagi axborotlar taqdim etiladi:
• Ma’muriy huquqbuzarlik va ma’muriy javobgarlik;
• Avtotransport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik (ogohlantirish, jarima, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish va boshqalar);
• Transport harakati va undan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik;
• Transport vositasini olib qochganlik uchun jinoiy javobgarlik;
• Transportning xavfsiz ishlashini ta’minlash qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik.

Avtomaktab o‘qituvchi va haydovchi-yo‘riqchilarni qayta tayyorlash tuzilmasi Haydovchi-yo‘riqchilarni tayyorlashda kasbiy pedagogika fanining tarmoqlari, metodlari va boshqa fanlar bilan bog‘liqligi o‘rganiladi. Pedagogik faoliyatga qo‘yilgan talablar, pedagogning asosiy professional sifatlari to‘g‘risida ma’lumot beriladi. Murabbiyning kasbiy pedagogik va psixologik imidjining tavsifi, ta’lim oluvchilarda transport vositalarini boshqarish mahoratini shakllantirishning pedagogik jihatlari, kasbiy ta’limda ma’naviy-axloqiy tarbiya ishlari, shuningdek, darsda va darsdan tashqari vaqtda tarbiyaviy ishlarni tashkil etish va olib borish xususiyatlari haqida ma’lumot taqdim etiladi. Ta’limning mazmuni, prinsiplari va metodlari to‘g‘risida tushuncha berishda o‘qitishning tashkiliy shakllari, dars va uning asosiy elementlariga e’tibor qaratiladi. Shaxsning psixologik tuzilishi, shakllanishi, ichki (subyektiv) va tashqi (obyektiv) shart-sharoitlarning o‘zaro ta’siri, shuningdek, ta’lim oluvchilarning ehtiyoj va qiziqishlari transport vositalarini boshqarish mahoratini shakllantirish omili sifatida tushuntiriladi. Ta’lim oluvchilarning transport vositalarini boshqarish mahoratini shakllantirishda bilish jarayonlari, hissiy-irodaviy va individual-psixologik xususiyatlarning o‘rni haqida ma’lumot beriladi. Haydovchining axborotni sezish kanallari – ko‘rish, eshitish va sezish xususiyatlari rivojlantiriladi. Ruhiy jarayonlarda diqqat, xotira, fikrlash, psixomotorika, his etish, idrok qilish va ularning avtotransport vositasini boshqarishga ta’siri tushuntiriladi. Diqqatning barqarorlik (konsentratsiya) va diqqatni ko‘chirish texnikasi o‘rgatiladi. Diqqat chalg‘ishining sabablari, masalan, harakat boshlanganidan keyin xavfsizlik kamarini taqish, orqa ko‘rsatuvchi ko‘zgularni moslash, radiopriyomnik yoki navigatsiya tizimini sozlash, chekish, ovqatlanish, telefondan foydalanish yoki yo‘lovchilar bilan bahslashish kabi shaxsning rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi psixologik ta’sirlar o‘rganiladi. Haydovchi shaxsining shakllanishiga ta’sir etuvchi omillar, shaxsning yosh davrlari va ularning o‘ziga xos xususiyatlari, haydovchi-yo‘riqchi xodimlarning psixologik tuzilishi amaliy faoliyat orqali o‘rgatiladi. Transport vositalari haydovchilarini tayyorlaydigan murabbiy-pedagoglarning bilish faoliyati, hissiy-irodaviy holatlari va individual-psixologik xususiyatlari shakllantiriladi. Avtotransport vositasini boshqarish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar haydovchi-yo‘riqchi kasbining o‘ziga xosliklari, faoliyat turlari (kasbiy ta’lim, tarbiyaviy ishlar, tashkiliy boshqaruv, amaliy boshqarishni o‘rgatish) va haydovchi-yo‘riqchi shaxsining roli atroflicha tushuntiriladi. Zamonaviy psixologiyada muloqot tushunchasi, muloqotning turlari, bosqichlari va vazifalari, muloqot jarayonida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan psixologik to‘siqlar va ularni bartaraf etish ko‘nikmalari vaziyatlar misolida shakllantiriladi. Psixologik aloqa o‘rnatish bosqichlari, haydovchi-yo‘riqchi xodimlar faoliyatida kasbiy muloqot tushunchasi va uning psixologik o‘ziga xoslik malakasi rivojlantiriladi.